⚠️ SHOSHILINCH OGOHLANTIRISH!
Axborot va kiberxavfsizlikka mas’ul rahbarlar hamda texnik mutaxassislar DIQQATIGA!
🚫 Kiberxavfsizlik markazining UZCERT xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasidagi davlat organlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga oid ma’lumotlarni yashirin ravishda to‘plashga qaratilgan tajovuzkor zararli dasturini tarqatish maqsadida ommaviy kiberhujumlar amalga oshirilayotgani aniqlandi.
⚠️ Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim davlat organlarining axborot infratuzilmalarida zararli dasturlar bilan zararlanish holatlari qayd etilgan.
O‘rganishlar natijasida zararli dasturlar asosan fishing xabarlari orqali tarqatilayotgani aniqlangan.
Mas’ul mutaxassislar uchun asosiy tavsiyalar:
✔️ Axborot infratuzilmasini to‘liq inventarizatsiya qilish — tashkilotga tegishli barcha domenlar, subdomenlar, IP-manzillar, serverlar, veb-saytlar va axborot tizimlarini aniqlash hamda ularning to‘liq ro‘yxatini shakllantirish.
✔️ Foydalanilmayotgan resurslarni o‘chirish — foydalanilmayotgan domenlar, subdomenlar, serverlar va xizmatlarni o‘chirib qo‘yish yoki ularga tashqi kirishni cheklash.
✔️ Login va parollar xavfsizligini kuchaytirish — standart va kuchsiz parollarni murakkab, takrorlanmaydigan parollarga almashtirish, imkon qadar ikki bosqichli himoyani (MFA) yoqish hamda xodimlarning foydalanishiga zarur bo‘lmagan kirish huquqlarini cheklash.
✔️ Xavfsizlik yangilanishlarini o‘z vaqtida o‘rnatish — axborot infratuzilmasida foydalanilayotgan operatsion tizimlar, dasturiy ta’minot, serverlar va tarmoq qurilmalarini muntazam yangilash, aniqlangan zaifliklarni bartaraf etish.
✔️ Harakatlar jurnallarini muntazam nazorat qilish — serverlar, tarmoq qurilmalari va axborot tizimlaridagi log fayllarni tahlil qilish, shubhali kirishlar va noodatiy faolliklarni o‘z vaqtida aniqlash.
✔️ Zararli dasturlardan himoyalanish choralarini kuchaytirish — antivirus va boshqa himoya vositalarini yangilab borish, muhim ma’lumotlarning zaxira nusxalarini yaratish hamda zararlanish alomatlari aniqlanganda tezkor choralar ko‘rish.
✅ Eslatib o‘tamiz: “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonunning
14-moddasiga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari o‘z tasarrufidagi axborot tizimlari hamda axborot resurslarining kiberxavfsizligini ta’minlashi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
🚀 Kiberxavfsizlik markazining UZCERT xizmati