1/2🖥 PHP dasturlash tili uchun mas’ul xavfsizlik jamoasi xavflilik darajasi kritik bo‘lgan ikkita zaiflik aniqlangani haqida ogohlantirdi. Har ikki zaiflikning xavflilik darajasi CVSS v4.0 bo‘yicha 10 balldan 9,2 ball deb baholangan.
✅ Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ushbu zaifliklarni bartaraf etishga qaratilgan xavfsizlik yangilanishlari 2026-yil 21-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da chiqarilishi rejalashtirilgan. Agar zaifliklar haqida texnik ma’lumotlar oldinroq oshkor etilsa yoki ulardan amalda foydalanilayotgani aniqlansa, yangilanishlar belgilangan vaqtdan oldin ham chiqarilishi mumkin.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, CVE-2026-109618 va CVE-2026-109619 zaifliklari tajovuzkorlarga serverda masofadan turib kod bajarish imkonini berishi mumkin. Bu server faoliyatining buzilishi va undagi ma’lumotlar xavfsizligiga zarar yetishiga olib kelishi ehtimoli bor.
Qanday choralar ko‘rishi kerak?
- server va veb-saytlarda ishlatilayotgan PHP versiyalarini aniqlash.
- PHP rasmiy saytidagi xavfsizlik yangilanishlarini muntazam tekshirish.
- tuzatilgan versiyalar chiqqach, xavfsizlik yangilanishlarini imkon qadar tez o‘rnatish.
- yangilash imkoni bo‘lmasa, xavf ostidagi tizimlarga tashqi kirishni vaqtincha cheklash.
- serverlarda shubhali faoliyat va ruxsatsiz kirish alomatlarini aniqlash.
- muhim ma’lumotlarni saqlash va ularni tiklash imkoniyatini tekshirish.
- yangilanishdan so‘ng PHP versiyasi va tizimlarning to‘g‘ri ishlashini tekshirish.
✅ PHP asosida ishlaydigan veb-saytlar va axborot tizimlarida mazkur zaifliklar yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xavflarni inobatga olib, davlat organlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarining axborot va kiberxavfsizlikka mas’ul texnik mutaxassislariga xavfsizlik yangilanishlarini o‘z vaqtida o‘rnatishga tayyorgarlik ko‘rish va rasmiy tavsiyalar asosida zarur choralarni ko‘rish tavsiya etiladi.
🚀 Kiberxavfsizlik markazining UZCERT xizmati









