SEVGISIZ ODAM
Quloq soling menga, yaxshi qiz, bir oz
Dilimni ochmoqchi bo‘lyapman Sizga.
Tunov qun bir do‘stim meni dab-durust
Aybladi sevgisizliqka.
Bexabar emishman muhabbatdan men,
Qalbimda ishq emas, bor emish ilon.
Isbot: qizlar bilan yurmas emishman,
Sirlashmas emishman har kimlar bilan....
Yetmasmidi o‘zi qalbdagi to‘lqin,
Kul bosgan otashni qo‘zg‘ading nechun?
Sevgi kerakmidi senga, do‘stginam?..
Sevaman tinch oqshom, yulduzli tunni,
Sevaman sayrasa qushlar betartib.
Sevaman oromni, suronni, lekin
Men uni sevardim bulardan ortiq.
Xuruj aylagandi bedavo firoq.
Achchiq alam ichra yonsam tutoqib,
O‘limni jonimdan sevaman, biroq
Men uni sevardim o‘limdan ortiq.
Ammo hayot oqar o‘z bilishicha...
O‘zganing yuragi senga bo‘ysunmas.
Sevsangu, sevsangu sevilmasang gar
Bundan qayg‘uliroq qayg‘u topilmas.
Nima kerak menga ishq-muhabbatni
Yana o‘zga qizdan talab aylamak!
Munosibdir bugun ishqsiz xilvatni
Mening nomim bilan balki boylamak.
Yaxshi qiz, xayolga toldingiz nechun?
Nechun ko‘z yoshingiz tomdi yo‘limga?
Sevgisiz odamga achinmoq nechun,
Ko‘zyosh yo‘l topolmas mening dilimga.
Xayr endi, chiqay, Oydin ko‘chadan
Eshitilsa agar bir yolg‘iz qadam,
Ajablanmang asti, u sizga tanish
Sevgisiz odam...
1960
@Abdulla_Oripov_sherlari