Centrum air bilan bog‘liq vaziyat necha kundan buyon jamoatchilik muhokamasida, tinyotgani yo‘q. Agar holat faqatgina bir bort kuzatuvchisi yo‘lovchini tushirib qoldirgani haqida bo‘lganida bitta uzr, kompensatsiya to‘lash bilan unutilardi. Lekin bu yerda judayam nozik masala bor — o‘zbek tilini hurmat qilishni o‘zbek xalqi so‘rashni boshladi.
Ayni shu narsa juda ko‘pchilikni o‘rnidan qo‘zg‘atib qo‘ygandek. Xuddi kimlardir “Iya, bular ham odam bo‘lib qolibdimi, huquqini talab qilyapti, tilini hurmat qilishni so‘rashyapti, buni to‘g‘rilash kerak” deb buyruq bergandek, tarmoq ayolni himoya qilayotgan faollarga to‘lib ketdi. Og‘riqlisi, ularning deyarli hammasi o‘zbek, o‘zbekistonlik.
Vaziyat ziyolilarimiz tarmog‘i deyiladigan feysbukda deyarli muhokama qilinmadi, twitterda foydalanuvchilar ikki guruhga bo‘lindi, instagramda xalq tilni hurmat qilishni, bort kuzatuvchini ishdan bo‘shatilishini so‘radi.
Aviakompaniya oqibat aybdor xodimiga uzr so‘rattirdi, blogerga kompensatsiya to‘ladi va shu bilan ishni yopdi, go‘yo.
Bloger ham men til uchunmas, o‘zim uchun kurashdim, deb mavzuni yopdi. (Blogerga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi, bu uning shaxsiy qarori)
Ammo uni aynan o‘zbek tili behurmat qilingani uchun qo‘llagan xalq xodimning ishdan ketishini so‘rashda davom etdi. Ayni shu joyda ikkinchi bir tomon ayol obro‘sizlantirilyapti, til bunday himoya qilinmaydi, degan da’vo bilan tilini himoya qilayotgan milllatga - o‘zbekka bosim qilishni boshladi.
Bir qarashda bort kuzatuvchisi jabrdirydadek ko‘rinadi ularning matnlarida, uzr so‘ralgan videoda( Garchi videoda uning yuzida hech qanday afsus ko‘rinmagan bo‘lsa ham)
Ammo, birinchi video nega esimizdan chiqyapti? Davlat tili — o‘zbek tilida gapirishni istamagan, o‘z xohishicha( hech qanday asossiz) yo‘lovchini boshqa davlatda qoldirib ketgan, video olinayktganda agressiv munosabat ko‘rsatgan xodim aynan shu ayol emasmidi?
Aytaylik, mayli, masala, til bo‘lmasin. Yo‘lovchini asossiz samolyotga chiqarmagan va shu sabab kompaniyani obro‘sizlantirgan xodimga qanday chora ko‘rilishi kerak aslida?
Nega bunday xodimni himoya qilish kerak jamoatchilik?
Ayol bosim ostida qolyapti, ayol kishidan foydalandinglar, deb, millatni ayblashingiz ortida boshqa maqsad turgani nahotki sezilmaydi, deb o‘ylaysiz?
Bu vaziyatda har qanday adekvat odam masala ayol-erkaklikda emas, noprofessional xodim va noto‘g‘ri munosabatdaligini tan olishi va shunga ko‘ra fikr bildirishi kerak emasmi?
O‘zbek tilini hurmat qilmagan, noprofessional xodima jabrdiyda, kompaniyasini qutqarib qolgan salkam qahramonmi?
Yana o‘sha gap — boshqa millat o‘zining huquqini talab qilsa, millatparvarlik, lekin o‘zbek talab qilsa, millatchilikmi?!
Shunday o‘ylayotgan har biringizga uyat!
Aslida bu masalada, yana bir og‘riqli jihat bor: tegishli tashkilotlar mavzuga qiziqish ham bildirishmadi, indamay qo‘ya qolishdi...
Samolyotlarda o‘zbek tilining xo‘rlanishi haqida o‘n yillardan buyon aytib kelinadi. Lekin negadir tegishli tashkilotlar hech qanday chora ko‘rmaydi.
Bortda jaranglaydigan uchuvchi-yu, kuzatuvchining quloqdan qon oqtirar “o‘zbekcha”sini eshitishmas ular balki…
Nima bo‘lgandayam ayni vaziyat ko‘p narsani tushuntiradi. Va kimlarningdir (afsuski ular ichida men hurmat qilgan odamlar ham bor) propagandasiga qaramay aytamanki, tili hurmat qilinishini so‘rayotgan, tilini himoya qilayotgan xalq “haypchi” emas, qahramon xalq!
@FeruzaXayrullayeva